“Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida “Elektron ta’lim” milliy tizimini yaratish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012 yil 16 apreldagi PQ–1740-son Qarori bilan O‘rta Osiyo davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i yaratildi. “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i mamlakatimizdagi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, vazirlik huzuridagi tashkilotlar hamda Respublikamizdagi barcha 83 ta oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yuqori tezlikdagi ma’lumot almashish imkonini beradi. Bugungi kunda ushbu tarmoq 160 dan ortiq obyektlarni o‘z ichiga olgan va 15 ta axborot tizimi faoliyat yuritmoqda.

Ushbu tarmoq Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda “Elektron ta’lim” loyihasi doirasida o‘rnatilgan bo‘lib, umumiy moliyaviy sarfi 16,6 million dollarni tashkil etadi. Umumiy tortilgan optik aloqa liniyasi uzunligi 223,9 km ni tashkil etib, hozirda ushbu aloqa liniyasi orqali HD formatida respublikamizning turli chekkalari bilan videokonferensiyalar, videodarslar, videoseminar va boshqa onlayn xizmatlardan foydalanib kelinmoqda. “Elektron ta’lim” milliy tarmog‘i joylarda o‘rnatilgan “Huawei” korporativ tarmoq qurilmalari yordamida optik tolali aloqa liniyalari orqali markaziy tarmoq qurilmasi (Uztelecom 246 ATSdagi MSU qurilmasi) videokonferensiyani tashkil etib beradi. Mavjud tarmoq VPN texnologiyasi asosida tashkillashtirilgan bo‘lib, har bir binodagi “Huawei” firmasining mashrutizatorlari maxsus IP adres bilan belgilangan bo‘lib, tarmoq foydalanuvchilari o‘zlariga ajratilgan IP adresi orqali ma’lumot almashinish imkoniga ega.

Loyihaning 1-bosqichi doirasida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi respublika hududidagi 74 ta oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi, Ma’mun akademiyasi, Davlat test markazi Oliy va o‘rta maxsus ta’limini rivojlantirish markazi, Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, Afg‘on fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi, shuningdek jami 80 ta obyekt bilan birga optik tolali aloqa liniyasi orqali tarmoq qurilmalari hamda videokonferentsiya qurilmasi bilan ta’minlangan holda tarmoqqa ulangan.

Loyihaning 2-bosqichi doirasida 83 ta oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va ta’lim sohasiga tegishli tashkilotlar tarmoqqa ulangan. Ushbu bosqichda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalar hamda ta’lim sohasiga tegishli tashkilotlarida 36 ta videokonferentsiya qurilmalari o‘rnatilgan. Xususan, ulardan Ta’lim muassasalarida elektron ta’limni joriy etish markazi, O‘rta maxsus kasb hunar ta’limi tizimi rahbar kadrlarini malakasini oshirish instituti, Oliy attestatsiya komissiyasi, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markaziga hamda 17 tasi oliy talim muassasalariga, 15 tasi o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim markazi tizimiga obektlariga o‘rnatilgan.

Mazkur bosqichdagi videokonferensiyaga ega bo‘lmagan 47 ta obekt mavjud bo‘lib, ushbu obektlardagi tarmoq qurilmalari yordamida korporativ tarmoq orqali tezkor ma’lumot almashish imkoniyati mavjud. Ushbu tarmoq qurilmalaridan ikkitasi “Bank -moliya akademiyasi” hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi hududlarida o‘rnatilgan bo‘lib, qolgan obyektlar oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari binosida joylashgan.

Amaldagi axborot tizimlari ro‘yxati:

  1. Oliy ta’lim muassasalari asosiy ko‘rsatkichlari – Bu tizimda vazirlik tasarrufidagi barcha OTM asosiy ko‘rsatkichlarining monitoringi olib boriladi.
  2. Ilmiy -tadqiqot faoliyat – Bu tizim ilmiy tadqiqot faoliyatiga oid ma’lumotlar statistikasi olib boradi.
  3. Semestr natijalari – Bu tizimga OTM da tahsil olayotgan barcha talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari kiritilgan
  4. Semestr natijalari – Bu tizim OTMga tegishli bo‘lgan barcha hujjatlar to‘plamidan iborat.
  5. Talabalar turar joylari pasporti- Bu tizim barcha OTM talabalarining turar joylariga tegishli bo‘lgan hujjatlar to‘plamidan iborat.
  6. Fuqarolar murojaatlari – Ushbu tizimda jismoniy va yuridik shaxslardan OTM rahbarlariga tushgan murojaatlar statistikasi mavjud.
  7. O‘quv reja va fan dasturlari muhokamasi – Bu tizim o‘quv reja va fan dasturlari bo‘yicha muxokama qilish uchun yaratilgan.
  8. Xodimlar ma’lumotnomalari (obyektivkalari) - Bu tizimdan OTMda ish yuritayotgan xodimlarini qayd etish maqsadida foydalaniladi.
  9. OTM bitiruvchilarining yakuniy bandlik monitoringi- Mazkur tizim OTM bitiruvchilarining ishga joylashganlik to‘g‘risidagi monitoringini qilishga yo‘naltirilgan.
  10. Ijro intizomi hisobot shakllarini onlayn taqdim etish- Bu tizim Qonun va qarorlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar monitoringini yuritadi.
  11. Axborot kommunikatsion texnologiyalari- Bu tizim o‘zida OTM tasarrufidagi AKT ga oid statistika ma’lumotlarini jamlaydi.
  12. Talabalar yashash manzillari - Bu tizim OTM da tahsil olayotgan barcha talabalarning turar joylari bo‘yicha ma’lumotlarni qayd etish tizimi sanaladi.
  13. Davomat monitoringi - Bu tizim OTM da tahsil olayotgan barcha talabalarning davomatlari bo‘yicha ma’lumotlarni qayd etish tizimi sanaladi.
  14. KIS “Ta’lim”- O‘quv jarayonini avtomatlashtirishga yo‘naltirilgan axborot tizimi hisoblanadi.
  15. Diplomlarni qayd etish va qidirish tizimi - OTM da tahsil olgan barcha talabalarning diplomlarini qayd etish va qidirish tizimi sanaladi.

Agar siz xatolik topgan bo’lsangiz iltimos matnni belgilab Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Sayt xaritasi

Xatolik haqida xabar berish

Bizning redaktorlaga yuboriladigan matn:

Click to listen highlighted text!