Batafsil
“Huawei ICT Competition 2024/2025” mintaqaviy finalida o`zbekistonlik o`qituvchi va talabalar taqdirlandi
December 20, 2024
Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida “Huawei ICT Competition 2024/2025” AKT bo`yicha mintaqaviy tanlov g`oliblarini taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) va Toshkent shahridagi Inha universitetining 6 nafar talabasi “Huawei ICT Academy”ning 10 yilligini nishonlashga bag`ishlangan final bosqichi va tadbirlarida ishtirok etishdi.
“Huawei ICT Competition 2024/2025” AKT tanlovining final bosqichida TATUning 3 nafar talabasi tomonidan taqdim etilgan “Sahiya” loyihasi 1-o`rinni egalladi va hakamlar hay’ati tomonidan raqamli inklyuziyadagi innovatsiyalar uchun taqdirlandi.
Shuningdek, tanlovning amaliyot bellashuvida ishtirok etgan TATU va Inha universiteti talabalaridan iborat jamoa 3-o`rinni egallab, mukofotlandi.
Marosimda TATU o`qituvchisi Azamat Qodirov “Outstanding new instructor” nominatsiyasida “Huawei ICT Academy”ning 50 dan ortiq talabalarini o`qitgani, HCIA xalqaro sertifikatini olganligi va Akademiyaning universitetdagi AKT faoliyatining ajoyib natijalari uchun mukofotlandi.