Batafsil
Qonunchilik yangiliklari
May 05, 2025
.png)
O`zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga
qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha belgilangan ustuvor
vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi
Farmoni (PF-71-son, 21.04.2025-y.) mazmun-mohiyatini keng yoritishga qaratilgan
ANNOTATSIYA
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish
tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha belgilangan ustuvor vazifalar
ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni
imzolandi.
Farmonga ko`ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha milliy kengashning
2025-yil 5-martda o`tkazilgan kengaytirilgan
yig`ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash bo`yicha ishlab chiqiladigan
normativ-huquqiy hujjatlar ro`yxati va
amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini
tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis
palatalariga quyidagilar tavsiya etildi:
– har yili byudjetdan eng ko`p mablag` oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy
omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo`yicha takliflar kiritish;
– vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko`rib
chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning
oldini olish bo`yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;
– xalqaro tajribani o`rganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi
samarali kurashish bo`yicha mustahkam huquqiy
baza yaratish yuzasidan takliflarni
ishlab chiqish;
– ishchi guruh tuzib “jinoyatchilikka
qarshi kurashish haftaligi”da har oyning 1–5 sanalarida “qizil” toifadagi
mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;
– hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari
boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha tavsiyalar berish hamda xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish
bo`yicha takliflar ishlab chiqish.
Farmonga ko`ra, Iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish
maqsadida:
·
davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar
narxi hamda uning o`rtacha bozor narxi o`rtasidagi tafovutning eng ko`p yo`l
qo`yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan
mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;
·
2025-yilning 1-iyulidan yirik investisiya
loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion
shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o`tkazish tartibi joriy etiladi;
·
“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi
yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi
loyihalarga joriy qilinadi.
2025-yil yakunicha:
➖ xalqaro
tender obyektlari bo`yicha subpudratchilar “SHaffof qurilish” tizimi orqali
jalb qilinadi;
➖ qiymati 2
mln AQSH dollarigacha bo`lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan
moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar “Shaffof qurilish” tizimida
o`tkaziladi;
➖ xalqaro
tenderlar bo`yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma
qiymatining kamida 60 foizini o`z
kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.
2026-yil 1-yanvargacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko`rsatiladigan
barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o`zi baholaydigan
tizim joriy etiladi.
Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz”
deb baholangan vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlari shaxsiy javobgarligi belgilanadi.
Sun`iy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan
savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish
imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.