Batafsil
VACANCY.EDU.UZ ONLAYN PLATFORMASI ISHGA TUSHIRILDI
March 07, 2022
Oliy va professional taʼlim muassasalaridagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga hujjatlarni qabul qilish va tanlov asosida saralab olish jarayonlari bosqichma-bosqich onlayn shaklga oʻtkaziladi.
Mazkur elektron platforma yaratishdan asosiy maqsad oliy va professional taʼlim muassasalariga ishga qabul qilish va tanlov asosida saralab olish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, tanlov jarayonida shaffoflikni taʼminlash, maxsus elektron dastur asosida talabgor fuqarolar va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning barchasini teng imkoniyatlardan foydalangan holda saralab olishga qaratilgan.
Dastlabki bosqichda, 2022-yilning mart oyidan boshlab vazirlik tasarrufidagi professional taʼlim muassasalarining mavjud vakant direktor va direktor oʻrinbosarlari lavozimlariga talabgorlar hujjatlarini qabul qilish va tanlov asosida saralab olish oliy va professional taʼlim muassasalarida mavjud boʻsh ish oʻrinlariga hujjatlarni onlayn topshirish platformasi vacancy.edu.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Professional taʼlim muassasalaridagi mavjud vakant direktor va direktor oʻrinbosarlari lavozimlariga talabgorlar hujjatlarini qabul qilish va tanlov asosida saralab olish 4 bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich – tanlov oʻtkazilishi toʻgʻrisida eʼlon;
ikkinchi bosqich – hujjatlarni qabul qilish va saralash;
uchinchi bosqich – suhbat oʻtkazish;
toʻrtinchi bosqich – nomzodni ishga qabul qilish yoki rad etish boʻyicha xulosa berish.
Tanlovda ishtirok etish boʻyicha arizalarni qabul qilish faqat nomzodlar tomonidan maxsus elektron platformadagi soʻrovnomani toʻldirish orqali amalga oshiriladi. Elektron soʻrovnomaga maʼlumotnoma (obektivka), tegishli diplom nusxalari ilova qilinadi.
Nomzod xohishiga koʻra, qoʻshimcha ravishda elektron soʻrovnomaga sertifikat va boshqa hujjatlarning elektron nusxalarini ham ilova qilishi mumkin.
Bunda nomzodga bir vaqtning oʻzida uchtadan ortiq boʻlmagan vakant lavozimini egallash uchun tanlovda ishtirok etish huquqi beriladi.
Eslatma: Arizalarni qabul qilishda nomzodlardan hujjatlar va ularning nusxalarini qogʻoz shaklida talab qilish taqiqlanadi.
Boʻsh ish oʻrniga hujjatlar qabul qilinishi tanlov eʼlon qilingan kundan boshlab 10 kun davomida qabul qilinadi.
Shuningdek, 2022-2023 oʻquv yiliga qadar bosqichma-bosqich ravishda oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga hujjatlarni qabul qilish toʻliq onlayn shakliga oʻtkazish rejalashtirilgan.
Bizning ijtimoiy tarmoqlarimiz