MAGISTRATURADA BEPUL O‘QISH VA IMTIYOZLI QABUL – O‘ZBEKISTONDA QIZLAR TA’LIMI UCHUN QANDAY IMKONIYATLAR BOR?


March 05, 2022

blog-details-img

Magistraturada bepul o‘qish va imtiyozli qabul – O‘zbekistonda qizlar ta’limi uchun qanday imkoniyatlar bor?

O‘zbekistonda xotin-qizlarning magistraturada o‘qish xarajatlarini davlat qoplab berishi e’lon qilindi. Biroq bu yil magistraturaga qabul murakkabroq bo‘lishi haqida eslatib o‘tish lozim.

Prezident ishtirokidagi xotin-qizlar masalalariga bag‘ishlangan videoselektorda qizlar ta’limi uchun bir qancha imtiyozlar berilishi ma’lum qilindi. Kun.uz ayollar ta’limi uchun O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlarni jamlagan holda taqdim etadi.

Ta’lim imtiyozlari

-Yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlar kontrakt puli to‘liq budjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m);

-Har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;

-Har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlar (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy budjetdan to‘lab beriladi;

-Yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;

-Doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi;

-Har yili xotin-qizlar talaba bo‘lishiga kvotaning kamida 50 foizi aniq fanlar, texnika va huquqshunoslik yo‘nalishlari uchun maqsadli ajratiladi;

-Yangi o‘quv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun ilk marta 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hozircha bu yangiliklarning ishlash mexanizmi ishlab chiqilyapti.

O‘qishga kirish imtiyozlari

2021 yilda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tavsiyanomalari asosida 2 ming nafar ehtiyojmand oilalar qizlari qo‘shimcha grant asosida talabalikka qabul qilindi. 2020 yilgi qabulda bunday xotin-qizlar uchun 940 ta grant o‘rni ajratilgandi.

Tavsiyanoma quyidagi toifadagi xotin-qizlarga beriladi:

-Kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar;

-To‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;

-Turmush o‘rtog‘i vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;

-Nogironligi bo‘lgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;

-Ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollar qiz farzandlari;

-Ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.

2026 yilda xotin-qizlar uchun ajratiladigan grantlar 6 mingga yetkazilishi reja qilingan.

Faqat qizlar uchun beriladigan imtiyozlar

Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan o‘quvchilari OTMlar bakalavriatiga, bakalavriat talabalari bo‘lgan laureatlar esa magistraturaga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha sinovlarsiz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi.



"Hamshira" ko‘rik-tanlovi g‘oliblari davlat komissiyasi qarori bilan tegishli OTMlar mos yo‘nalishiga tanlovdan tashqari kirish imtihonisiz qo‘shimcha grant asosida qabul qilinadi.

Sirdaryoliklarga imkoniyat

Prezident Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvda kelgusi 5 yilda sirdaryolik xotin-qizlar uchun oliygohlarga kirish davlat granti 3 barobarga oshirilishini ma’lum qilgan.

Kontraktni to‘lab berish

2021 yil sentyabr oyida hukumat qarori bilan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yo‘q yolg‘iz ayollarning oliy ta’lim olishini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari joriy yilgi o‘quv yilidan boshlab har yili o‘z hududlaridan o‘qishga kirgan 25 nafardan hamda 2-4-kurslarda o‘qiyotgan 75 nafar (har bir kursdan 25 nafardan), jami 100 nafar xotin-qizlar uchun to‘lov-kontrakt summasini to‘rt o‘quv yili yakunlanishiga qadar to‘lab berishi lozim. Prezident videoselektorda kontrakti to‘lab beriladigan xotin-qizlar soni 150 nafarga yetkazilishini ma’lum qildi.

Moliyaviy barqaror OTMlar esa 50 nafargacha talaba qizlarni birinchi o‘quv yilida bepul o‘qitishi kerak. Bunda talabgorlarning keyingi o‘quv yillari uchun ta’lim krediti rasmiylashtiriladi. Hokimliklar o‘z hududlaridagi talabgorlar uchun uchinchi shaxs kafilligini beradi hamda o‘qishni tamomlagandan so‘ng, ularni ish joyi bilan ta’minlaydi.

Bu imkoniyat otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan muhtoj qizlar va boquvchisi yo‘q ehtiyojmand yolg‘iz ayollarga beriladi. Bu toifalarga mos keluvchi qizlar kirish imtihonlari javoblari e’lon qilingan kundan boshlab ijtimoiy holati to‘g‘risidagi ma’lumotnomani har yili 10 kun ichida OTM qabul komissiyasiga taqdim etadi. Davlat OTM 5 kun mobaynida ro‘yxatni shakllantirib, hokimliklarga ma’lumotlarni yozma ravishda yuboradi.

Aytilgan toifalarga mos keladigan, kontraktga o‘qishga kirishdan qo‘rqib turgan abituriyent qizlar nizomning to‘liq varianti bilan tanishib chiqib, oldindan imkoniyatini to‘la bilib olishi mumkin.

Magistratura

Xotin-qizlar ta’limiga oid eng oxirgi yangiliklardan ko‘pchilikni suyuntirgani, shubhasiz, yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlar kontrakt pullari to‘liq budjetdan qoplab berilishi bo‘ldi. Buning uchun 200 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Shu o‘rinda eslatma: kelgusi yildan davlat OTMlari magistratura bosqichlariga qabul murakkabroq tarzda bo‘lib o‘tadi.

Kelayotgan qabul – 2022/2023 o‘quv yilidan chet tilidan xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lmagan abituriyentlar magistratura uchun hatto hujjat ham topshira olmaydi.

Magistratura mutaxassisligi uchun chet tili sertifikatining darajasi B2 (IELTS 5,5) bo‘lishi kerak.

“Men hozir bakalavr bosqichida o‘qiyotgan va keyingi yil magistraturaga kirish niyatida bo‘lgan talabalarga ham eslatmoqchiman: keyingi yildan xorijiy til bilish bo‘yicha sertifikati bo‘lmagan talabaning hatto hujjati ham magistraturaga qabul qilinmaydi. Bu xorijiy tajriba. Xorijiy tilni o‘rganish uchun esa bir yil yetarli”, deb ma’lum qilgandi oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov.

Bundan tashqari, magistraturaga test imtihonlarini o‘tkazish ham to‘laligicha DTM vakolatiga topshiriladi.

Berilgan imkoniyatdan xursand bo‘lishdan tashqari, magistraturada o‘qishni xohlagan xotin-qizlar tayyorgarlikni ham kuchli qilishi maqsadga muvofiq.