Qonunchilik yangiliklari


May 05, 2025

blog-details-img

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni (PF-71-son, 21.04.2025-y.) mazmun-mohiyatini keng yoritishga qaratilgan

ANNOTATSIYA

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo`yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni imzolandi.

Farmonga ko`ra, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha milliy kengashning 2025-yil 5-martda o`tkazilgan kengaytirilgan yig`ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta`minlash bo`yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro`yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga quyidagilar tavsiya etildi:

– har yili byudjetdan eng ko`p mablag` oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularni bartaraf etish bo`yicha takliflar kiritish;

– vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari kengashlarida ko`rib chiqilayotganda ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo`yicha aniq reja himoya qilinishiga oid tartibni qonun hujjatlarida belgilash;

– xalqaro tajribani o`rganib, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo`yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;

– ishchi guruh tuzib “jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi”da har oyning 1–5 sanalarida “qizil” toifadagi mahallalarda jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish;

– hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha tavsiyalar berish hamda xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo`yicha takliflar ishlab chiqish.

Farmonga ko`ra, Iqtisodiyotda korrupsiyaviy omillarning oldini olish maqsadida:

·        davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o`rtacha bozor narxi o`rtasidagi tafovutning eng ko`p yo`l qo`yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortiladi;

·        2025-yilning 1-iyulidan yirik investisiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o`tkazish tartibi joriy etiladi;

·        “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi qamrovi yanada oshirilib, bosqichma-bosqich xalqaro tashkilotlar ishtirokidagi loyihalarga joriy qilinadi.

 2025-yil yakunicha:

xalqaro tender obyektlari bo`yicha subpudratchilar “SHaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilinadi;

qiymati 2 mln AQSH dollarigacha bo`lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlar “Shaffof qurilish” tizimida o`tkaziladi;

xalqaro tenderlar bo`yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o`z kuchi bilan bajarish tartibi joriy etiladi.

2026-yil 1-yanvargacha vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko`rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o`zi baholaydigan tizim joriy etiladi.

Bunda aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimlari shaxsiy javobgarligi belgilanadi.

Sun`iy intellekt asosida aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi.