А.TOSHQULOV:2021-YILDA 64 TA OTM ХALQARO BAZADA BIRORTA HAM ILMIY MAQOLA CHOP ETMAGAN


March 15, 2022

blog-details-img

Vazir А.Toshqulov olib borgan onlayn formatdagi yigʼilishda tizimdagi 3400 dan ortiq masʼullar, xususan, OTM rektor va filial direktorlari, prorektorlar, ilmiy tadqiqot va innovatsiyalar boʼlimi (boshqarma) boshliqlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari ishtirok etdi.

Unda 2021 yilda ilmiy sohada olib borilgan ishlar natijasi, jumladan, ilmiy yutuqlar va kamchiliklar tahliliy-tanqidiy muhokama qilindi. Shuningdek, sohani yangi bosqichga olib chiqish boʼyicha takliflar oʼrtaga tashlanib, oʼzaro fikr almashildi.

 Dastlab vazir davlatimiz rahbari hamda hukumat tomonidan ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish boʼyicha belgilab berilgan topshiriqlarning bajarilish holatini tahlil qilib va oʼtgan vaqt mobaynida erishilgan yutuqlarga toʼxtalib oʼtdi.

Soʼnggi 3 yilda ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika boʼyicha 37,2 foizdan 39,3 foizga oʼsdi. 

 2021 yilda 204 ta fan doktori (DSc), 1521 ta falsafa doktori (PhD) himoyasi boʼldi. Bunda himoyalar boʼyicha 2020 yilga nisbatan oʼsish tegishincha 21% va 44% oshganligini koʼrsatmoqda. 

 Bugungi kunda, respublikaning 11 ta oliy taʼlim muassasasida ilmiy salohiyat 50 foizdan yuqori. 

 Jumladan, 2021 yil va 2022 yilning oʼtgan davrida Oʼzbekiston milliy universiteti – 163 ta, Toshkent davlat pedagogika universiteti – 127 ta, Samarqand davlat universiteti - 98 ta, Buxoro davlat tibbiyot instituti – 71 ta, Termiz davlat universiteti – 66 ta, Toshkent moliya instituti – 65 ta dissertatsiyalar himoyalari oʼtkazilgan.

Shuningdek, yigʼilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda ayrim oliy taʼlim muassasalari masʼullarining sohadagi sustkashliklari hamda yoʼl qoʼygan kamchiliklari ham tanqid qilindi. Jumladan:

 Vazirlik topshiriqlari ijrosi yuzasidan 2021 yildagi ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektorlar faoliyati natijalari 7 ta mezon asosida tahlil qilinganda, 23 ta OTM ilmiy ishlar, innovatsiyalar hamda xalqaro hamkorlik boʼyicha prorektorlar oʼz vazifasiga jiddiy yondashmaganligi, masʼuliyatsizlik qilganligi, bu borada birorta ham oliy taʼlim muassasani namuna sifatida koʼrsatib boʼlmasligi afsus bilan tilga olindi. 

 Eng kam dissertatsiya himoyalari boʼlgan oliy taʼlim muassasalari sifatida Аndijon mashinasozlik instituti (12 ta), Samarqand veterinariya meditsinasi instituti (12 ta), Oʼzbekiston davlat konservatoriyasi (4 ta), Oʼzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti (3 ta) sanab oʼtildi.

 Bundan tashqari, 2021 yilda oliy taʼlim muassasalari uchun davlat byudjetidan ajratilgan mablagʼlarni samarali oʼzlashtirilmagani tanqid qilindi.

 – Shu narsaga amin boʼlyapmizki, shu oliy taʼlim muassasalari davlat byudjetidan ajratilgan mablagʼlarni samarali oʼzlashtirmagani uchun ham ularda ilmiy salohiyat past, – dedi А.Toshqulov.

Jizzax politexnika instituti (17,6%), Nukus davlat pedagogika instituti (16,6 %), Milliy rassomlik va dizayn instituti (15,4%), Oʼzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti (12,5%), Chirchiq davlat pedagogika instituti (2,8%)da esa oʼz muddatida himoya qilish koʼrsatkichi oʼrtacha 20% dan past ekanligi tanqid qilindi. OTMda 2021 yilda «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 100 nafar professor-oʼqituvchilarga nisbatan tahlil qilinganda bu koʼrsatkich oʼrtacha 6,5 ni tashkil etgan.

 Bunda, 4 ta (Oʼzbekiston davlat jahon tillari universiteti – 0,9; Аndijon davlat tibbiyot instituti – 0,7; Samarqand iqtisodiyot va servis instituti – 0,5; Nukus davlat pedagogika instituti – 0,4) oliy taʼlim muassasasida bu koʼrsatkich 1 ga ham yetmasligi alohida taʼkidlandi. 

 Eng achinarlisi, 64 ta oliy taʼlim muassasasida «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda birorta ham maqola chop etilmagan. 

 32 ta oliy taʼlim muassasalari va filiallarda davlat dasturi doirasidagi ilmiy loyihalardan moliyaviy tushumlar boʼlmagan hamda 27 ta oliy taʼlim muassasasida 2021 yil davomida birorta ham xoʼjalik shartnomalar bajarilmagan.

 Shundan soʼng soʼzga chiqqan vazirning fan va innovitsiyalar boʼyicha oʼrinbosari R.Hakimov 2022 yilda doktoranturaga qabul kvotasi soni 2021 yilga nisbatan 100 foizga oshirilib, oliy taʼlim muassasalarida jami 2784 ta (2604 ta PhD, 180 ta DSc) hamda stajyor-tadqiqotchilikka 360 ta kvota ajratilgani haqida maʼlumot berdi.

Qayd etilganidek, 2021 yilda «Scopus» xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda jami 4361 ta maqola chop etilgan. Аmmo shundan 972 ta (22%) ilmiy maqola indeksatsiya qilinmagan, yaʼni yirtqich (xishnik) jurnallarda chop etilgan. 

 Shuningdek, yigʼilish davomida barcha hududlarda ilmiy tadqiqot bilan shugʼullanayotganlarni turar-joylar bilan taʼminlash, ilmiy faoliyat bilan mashgʼul yoshlarni munosib ragʼbatlantirish mexnizmini ishlab chiqish, rektorlar har chorakda kamida bir marotaba shaxsan doktorantlar bilan yuzma-yuz uchrashib, ular muammolarini hal qilish tizimini yoʼlga qoʼyish takliflari bildirildi.

 Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish orqali ilmiy salohiyatni oshirish mumkinligi alohida taʼkidlandi.

 Yigʼilish yakunida barcha masʼullarga koʼtarilgan masalalar boʼyicha amalga oshiriladigan aniq vazifa va topshiriqlar belgilab berildi. 

 Bundan buyon yiliga 2 marotaba ana shunday formatda yigʼilib, natijalar boʼyicha OTM rahbarlari faoliyatiga baho beriladi va ular uchun zarur xulosalar chiqariladi.