Ixtisoslashtirilgan umumta`lim kasb-hunar maktabida “Navro`z” bayrami nishonlandi


March 20, 2022

blog-details-img
Mirzo Ulug`bek tumanidagi Toshkent imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan 1-son kasb-hunar maktabida “Navro`z” bayrami o`tkazildi.
Karnay-surnay sadolari ostida boshlangan mazkur bayram tadbiriga kasb-hunar maktabi o`quvchilari, O`zbekiston Davlat san`at va madaniyat institutining fol`klor jamoasi hamda  o`zbek milliy estrada yo`nalishida ijod qilib kelayotgan bir qancha taniqli san`atkorlar tashrif buyurishdi. 

Mehmonlar bahor bayrami nafasi ufurib turgan binoga kirishi bilanoq, ikki yonda o`quvchilar tomonidan yaratilgan turli ijodiy va milliy hunarmandchilik namunalaridan iborat ko`rgazmaga duch kelishdi. 

Jumladan, rastalarda milliy hunarmandchilik namunalaridan — to`quvchilik, tikuvchilik, so`zana, kosiblik, qo`lda yaratilgan teleradio qurilmalari, bundan tashqari, maishiy xizmat ko`rsatish jihozlari, milliy va zamonaviy uslubda tikilgan kiyim-kechaklar, poy`abzallar, rang-barang jimjimador toshlar-u marjonlar bilan yasalgan ikubanalar namoyish etildi. 

Hayratlanarlisi, o`quvchilar imkoniyati cheklangan bo`lishiga qaramasdan, aslida ularning katta yurak va nozik did sohiblari ekanligi, qalblarining bir burchida hayotga bo`lgan muhabbat, bilim va hunar egallashga nisbatan qiziqish, bir so`z bilan aytganda, kelajakka teran boqib, oliy ezgu maqsadlar sari intilish ular yaratgan san`at asarlarida mujassam edi.  

Badiiy-havaskorlik va professional jamoalarning chiqishlari, o`quvchilar tomonidan ijro etilgan “Kelin salom”-u laparlar, el ardog`idagi san`atkorlar tomonidan ijro etilgan klassik qo`shiqlar va xalqchil raqslar esa bayram ishtirokchilariga madaniy hordiq ulashdi.  

“Bayram” dasturi boshidan yakuniga qadar imkoniyati cheklangan o`quvchilar uchun maxsus surdo tilida yetkazib turildi.