Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar diqqatiga!

Hukumat qaroriga (https://lex.uz/docs/-5818575) asosan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni suhbat asosida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga 2-kursdan o`qishga qabul qilish tartibi belgilangan. Ushbu toifadagi abituriyentlar 2022-yil 5-iyuldan boshlab Oliy va o`rta maxsus ta’lim vazirligining suhbat.edu.uz elektron platformasi orqali onlayn ro`yxatdan o`tkazilmoqda. Ro`yxatdan o`tishda abituriyent to`g`risidagi ma’lumotlar elektron platformada avtomatik shakllanadi. Ro`yxatdan o`tkazish jarayoni joriy yilning 25-iyuliga qadar davom etadi. O`z sohasiga mos bakalavriat ta`lim yo`nalishlari ro`yxatini  yuklab olish.
July 07, 2022

Abituriyentlar uchun maxsus @eduuzuniversalbot ishga tushirildi

Unda siz uchun eng muhim quyidagi ma`lumotlarni oson topishingiz mumkin.BAKALAVR: Fanlar majmuasi—2022; Qabul kvotalari—2022 (kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy); O`tish ballari—2021 (hududlar, yo`nalishlar kesimida).MAGISTRATURA: Fanlar majmuasi—2022; Qabul kvotalari—2022 O`tish ballari—2021 (OTM kesimida).Shuningdek:Xorijiy hamda nodavlat OTMdan o`qishni ko`chirish bo`yicha 2022-yil uchun o`tish ballari;Professional ta`lim muassasalari va akademik litseylar haqida ma`lumot, ularga 2022/2023-o`quv yilida o`qishga qabul qilish bo`yicha qabul kvotalari va fanlar majmuasini bilishingiz mumkin.
July 07, 2022

Magistraturaga qabul boshlandi

2022-yil 1-iyuldan respublika OTM magistratura mutaxassisliklariga qabul qilish uchun hujjatlarni onlayn ro`yxatdan o`tkazish jarayoni boshlandi. 2022/2023-o`quv yili uchun davlat OTMning magistratura mutaxassisliklariga o`qishga kirish uchun hujjatlarni topshirish jarayoni vazirlikning rasmiy http://magistr.edu.uz veb-sayti orqali 30-iyulga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Eslatib o`tamiz, 2022/2023-o`quv yilidan boshlab magistraturaga qabul abituriyentning bakalavriat diplom bali o`rtacha ko`rsatkichi hamda xorijiy tilni bilish darajasi bo`yicha tegishli milliy yoki xalqaro sertifikat bali asosida, ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Qo`shimcha imtihon o`tkazilmaydi.Shu o`rinda, magistratura mutaxassisliklari hamda oliy ta`limdan keyingi ta`lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi mumkin bo`ladi.
July 01, 2022

KASB-HUNAR MAKTABLARIGA QABUL PARAMETRLARI TASDIQLANDI

2022/2023-o`quv yili uchun Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining buyrug`iga muvofiq 330 ta kasb-hunar maktabiga jami 78 ming 490 ta qabul parametrlari tasdiqlandi. Shundan, 75 470 ta o`zbek, 930 ta rus va 2090 ta qoraqalpoq tili guruhlari uchun belgilandi. Ma`lumot uchun, kasb-hunar maktablarida o`qish to`liq davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi.Yuklab oling!
July 01, 2022

Ertadan kasb-hunar maktablariga qabul boshlanadi

 100 dan ortiq kasblardan birini egallash istagida bo`lgan, joriy yil  9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari kasb.edu.uz elektron platformasi orqali 2022-yilning 1-iyul kunidan 20-iyul (shu kuni ham) kuniga qadar onlayn qabul qilinadi.▪️Platformaga: tug`ilganlik haqidagi guvohnoma yoki ID karta ma`lumotlari; 3x4 hajmidagi fotosurat kiritiladi. Ma`lumot o`rnida, bugungi kunda respublikamizda 330 ta kasb-hunar maktablari faoliyat ko`rsatmoqda.
June 30, 2022

30-Iyun - Yoshlar kuni

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bayram bilan barcha yoshlarni tabriklaydi! Yana birozdan keyin poytaxtimizda sana munosabati bilan tantanali marosim bo`lib o`tadi.Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etishi va nutq so`zlashi kutilmoqda.
June 30, 2022

Professional ta`lim muassasalariga direktorlar tayinlandi

Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirining buyrug`i bilan 11 ta kasb-hunar maktabi va 1 ta texnikumga direktor tayinlandi.Ular bilan quyidagi havola orqali tanishing
June 21, 2022

E`LON!

    Avval xabar berganimizdek “Kimyo”, “Biologiya”, “Fizika” va “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlaridan respublika fan olimpiadasiga hujjat qabul qilindi.     2022 yil 24 iyun kuni olimpiada imtihonlari bo`lib o`tadi.    Respublika fan olimpiadalari bo`lib o`tadigan oliy ta`lim muassasalari: O`zbekiston milliy universiteti — fizika, biologiya; Toshkent axborot-texnologiyalar universiteti — informatika va axborot texnologiyalari; Toshkent kimyo-texnologiya instituti — kimyo.
June 21, 2022

O`zbekistonda oliygohlar soni 167 ta bo`ldi

Ta`lim sohasida 5 yillik tajribaga ega bo`lgan PDP (Personal Development Process) kompaniyasi tomonidan “PDP University” nodavlat oliy ta`lim tashkilotiga asos solindi. “PDP University” to`laqonli IT sohasiga ixtisoslashgan oliy ta`lim muassasasi bo`lib, talabalarga 4 yil davomida xalqaro “Pearson BTEC” o`quv dasturi asosida barcha bilim va ko`nikmalar beriladi. Universitet 2022 yil 7 iyun kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan litsenziya asosida talabalarga IT sohasida oliy ta`lim berish huquqiga ega bo`ldi. Universitetda talabalar quyidagi 4 ta fakultetda ta`lim olishlari mumkin:- Dasturiy ta`minotni ishlab chiqish va dasturlash;- Ma`lumotlar tahlili;- Biznes tahlili va o`zgarishlarni boshqarish;- Sun`iy intellekt yechimlari va ilovalari
June 20, 2022